Xitoy delegatsiyasining tashrifi: ta’lim xizmatlari eksporti va investitsiya sohasida yangi imkoniyatlar.
2025-yil 22-mart kuni Xitoyning yirik investorlar delegatsiyasi, jumladan Yuanlei Luo va Shaoyi Cui Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif doirasida mehmonlar institutda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Institut ijrochi direktori Azizbek Baxodirov delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsion loyihalarni amalga oshirish hamda institutga beg‘araz moliyaviy ko‘mak mablag‘larini jalb qilish masalalarida muzokaralar olib bordi.
Shuningdek, uchrashuvda ta’lim xizmatlarini eksport qilish, startap loyihalarni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tashrif davomida institut faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi, unda xalqaro ta’lim aloqalarini mustahkamlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar aks ettirildi. Xitoy delegatsiyasi institutning inkoniyatlariga yuqori baho berdi.
Uchrashuv davomida ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi. Xususan, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni uyg‘unlashtirish, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ta’lim jarayonini innovatsion rivojlantirishustuvor maqsad sifatida belgilandi.
Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Bu muzokaralar institutning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, yangi investitsiyalarni jalb qilish va innovatsion ta’lim tizimini shakllantirishga, shuningdek institutda ta’lim xizmatlari eksportini ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.