🇺🇿🤝 🇨🇳 Xitoy delegatsiyasi institutimizda!
Bugun Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutiga Ali Chen boshchiligidagi Xitoyning yirik investorlar delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Ushbu tashrif doirasida mehmonlar institutda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Institut ijrochi direktori Azizbek Baxodirov boshchiligidagi institut rahbariyati delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsion loyihalarni amalga oshirish hamda institutga beg‘araz moliyaviy ko‘mak mablag‘larini jalb qilish masalalarida muzokaralar olib bordi.
Bu muzokaralar institutning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, yangi investitsiyalarni jalb qilish, beg‘araz yordam va innovatsion ta’lim tizimini shakllantirishga, shuningdek institutda ta’lim xizmatlari eksportini amalga oshirish masalalarini yechishga xizmat qiladi.
Institutda robototexnika, sun’iy intellekt, mashinasozlik va elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi zamonaviy yo‘nalishlarda laboratoriyalar tashkil etilishi kabi muhim masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab xitoylik talabalarni institutga o‘qishga jalb qilish masalasi chet ellik hamkorlarga taklif etildi.
Bu hamkorlik ta’lim eksportini rivojlantirishga va xalqaro investitsiyalarni keng jalb qilishga imkoniyat yaratadi.