Joriy yilning 7-may kuni Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan, shuningdek, haftaning har payshanba kuni—Yoshlar kuni deb e'lon qilinganligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.


Tadbirni institut ijrochi direktori Azizbek Baxodirov ochib berdi. U o‘z nutqida ushbu sana xalqimiz uchun yuksak qadriyat va chuqur ma’naviy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlab, yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi hamda bugungi farovon hayotimiz uchun jon fido qilgan ajdodlar xotirasini e’zozlash har bir insonning muqaddas burchi ekanini qayd etdi.
Tadbirda mehmon sifatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faxriylari: polkovnik Aleksandr Xarlamov, polkovnik Musalim Nuriddinov, podpolkovnik Orifjon To‘laganov va boshqalar ishtirok etdilar. Mehmonlar o‘z nutqlarida Vatanga muhabbat, sadoqat, mardlik va fidoyilik kabi yuksak fazilatlar haqida so‘z yuritib, talaba-yoshlarni ona yurt ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga chorladi.
Badiiy qismda institut talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Vatanparvarlik ruhidagi she’rlar, sahna ko‘rinishlari hamda musiqiy chiqishlar tadbir ishtirokchilariga birdek manzur bo‘ldi.
Mazmunan boy va ta’sirchan tarzda tashkil etilgan tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tib, barcha qatnashchilarda iliq taassurot qoldirdi.